G’afur G’ulom uy muzeyi haqida

G’afur G’ulom uy muzeyi haqida

G‘afur G‘ulom uy-muzeyi haqida maʼlumot

G‘afur G‘ulom uy-muzeyi O‘zbekiston Respublikasi hukumatining 1981 yil 16 iyun qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 1982 yil 22 noyabr oyidagi Buyrug‘iga muvofiq tashkil etilgan. Uy-muzey muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini saqlash, o‘rganish hamda ommaga namoyish etish uchun tashkil etilgan bo‘lib, doimiy faoliyat yurituvchi ilmiy-targ‘ibot va ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan notijorat  muassasasidir.

Uy-muzey 1983 yilning oktyabr oyidan boshlab ziyoratchilarni qabul qila boshlagan. Uy-muzey O‘zbekiston Xalq shoiri, akademik G‘afur G‘ulomning 1944 – 1966 yillarda yashab ijod etgan uyida tashkil etilgan. Shoir vafotidan so‘ng, bu yerda muzey tashkil qilingunga qadar, uning oila aʼzolari yashashgan. Bu tarixiy  bino to‘laligacha yodgorlik xonalaridan iborat. Yaʼni shoirning ijodxonasi, dam olish xonasi, kutubxonasi, mehmonxona, yotoqxona, bolalar xonasi va bu yerdagi buyumlar G‘afur G‘ulom hayotligi davrida qanday bo‘lsa shu holatda saqlangan. Bu uyda Aleksey Tolstoy, Pablo Neruda, Nozim Hikmat, Samad Vurgun, K. Simonov, M.Shayhzoda, Mirzo Tursunzoda, S. Ulug‘zoda, A.Lohutiy, Fayz Ahmad Fayz, Gurbaxsh va Navtej Singxlar, M.Avezov, S.Muqonov, G‘.Musrepov, A.To‘qimboyev, S.Danilov, G.Sevuns,  G.Leonidze, P.Brovka,  Ya.Kolas, Ivan Le, N.Tixonov, K.Fedin, B.Kerboboyev, S.Ayniy, Oybek, A.Qahhor, Uyg‘un, Zulfiya, K.Yashin, Yunus Rajabiy, M.Ashrafiy, S.Abdulla, Mirtemir, S.Yudakov, Habibiy, Sh.Rashidov, Charxiy, M.Uyg‘ur, A.Hidoyatov kabi buyuk shoir va yozuvchilar, kompozitorlar mehmon bo‘lishgan. Mushoiralar o‘tkazishgan, kompozitorlar esa shoir sheʼrlariga kuy bastalashgan. 1983 yilda uy-muzey hovlisida G‘afur G‘ulomning  gipsdan ishlangan haykali o‘rnatilgan edi. Ushbu haykal 1989 yilda bronzadan qayta ishlanib o‘rnatilgan bo‘lib, uning muallifi haykaltarosh Yakov Shapirodir. 2003 yilda G‘afur G‘ulomning 100 yillik yubileyi munosabati bilan uy-muzeyning ekspozitsiyasi va fondini saqlash hamda uni yana-da boyitish, yosh avlodni adib merosi bilan chuqurroq tanishtirish maqsadida yangi ikki qavatli bino  qurib, foydalanish uchun topshirildi. Muzey yangi binosining birinchi qavatida direktor, ilmiy xodimlar, hisobchi,  fondni saqlash xonasi va maʼruzalar zali  joylashgan. Ikkinchi qavatda esa, G‘afur G‘ulomning hayot yo‘li va ijodi, uning qoldirgan merosi haqida hikoya qiluvchi adabiy-badiiy ekspozitsiya joylashgan.

Uy-muzey ekspozitsiyasi bilan tanishgan har bir ziyoratchi G‘afur G‘ulom hayoti va ijodi haqida mukammal maʼlumotga ega bo‘ladi. Ayniqsa, “Eski Toshkent”, “Eski maktab”, “G‘afur G‘ulom ulg‘aygan xona” maketlari, “Shum bola” qissasiga ishlangan haykalchalar, shoir xonadonida foydalanilgan uy-ro‘zg‘or buyumlari katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Shuningdek, uy-muzeyning kirish qismidagi maydonida adibning urush yillarida olib borgan ijodiy faoliyati, oila aʼzolari, adiblar bilan tushgan suratlari ishlangan ko‘chma bannerlar ham har qanday yoshdagi muzey ziyoratchilariga manzur bo‘ladi.

G‘afur G‘ulom uy-muzeyi ekspozitsiyasining bo‘limlari:

1.     G‘afur G‘ulomning bolalik va yoshlik yillari

2.     G‘afur G‘ulom ijodining ilk davri

3.     G‘afur G‘ulom maʼrifatparvar shoir

4.     G‘afur G‘ulom buyuk alloma

5.     G‘afur G‘ulomning nasriy ijodi

6.     G‘afur G‘ulom dostonlari

7.     G‘afur G‘ulom mohir tarjimon

8.     G‘afur G‘ulom ikkinchi Jahon urushi yillarida

9.     G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasi

10.  O‘zbekni jahonga tanitgan shoir

11.  Adabiyotshunoslikda G‘afur G‘ulom mavzusi

12.  G‘afur G‘ulom asarlari mustaqil O‘zbekiston xizmatida

13.  “Bizning uyga qo‘nib o‘ting do‘stlarim”

14.  G‘afur G‘ulom xotirasining eʼzozlanishi

15.  “Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy”

G‘afur G‘ulom uy-muzeyi ekspozitsiyasining moslashtirilgan tarixiy binosi bo‘limlari:

1.           G‘afur G‘ulomning kichik ijodxonasi

2.           Shoir yotoqxonasi

3.           Shoirning bolalari ulg‘aygan xona

4.           Shoirning katta ijodxonasi va kutubxonasi

5.           Mehmonxona

6.           Dam olish xonasi

Yuqoridagi bo‘limlarning har birida o‘sha bo‘limlar mohiyatini ochuvchi eksponatlar, hujjatlar, suratlar, kitoblar, shoirning shaxsiy buyumlari, tarixiy ashyolar joylashtirilgan.

G‘afur G‘ulom yashab ijod etgan ushbu maskan butunligicha ziyoratgohga aylantirilgan bo‘lib, madaniyat yodgorligi sifatida davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Muzey ekspozitsiyasi va fondi G‘afur G‘ulomning shaxsiy buyumlari, kitoblar, qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, fotosuratlar va negativlar, grafik va moybo‘yoq suratlar, asarlariga ishlangan illyustratsiyalar, xat va telegrammalar, orden va medallar, sanʼat asarlari, haykallar, qo‘lyozmalar, antiqa buyumlar, musiqa asboblari, mebellar, shoir ovozi yozilgan magnit lentalari, hujjatli va badiiy filmlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va turli sovg‘alardan iborat. Uy-muzeyda 10000 dan ortiq  eksponatlar jamlangan.

G‘afur G‘ulom uy-muzeyining manzili:

O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri,

Chilonzor tumani,  Arpapoya ko‘chasi 1-uy.

Indeks: 700003.   Tel: 71. 245-43-94. 71. 245-31-20.

Veb sayti: gafurgulom.uz.

Elektron pochta museumgulom@mail.ru.