Adib haqida

Adib haqida

Oʻzbekiston xalq shoiri, akademik Gʻafur Gʻulom 1903 yilning 10 may kuni Toshkent shahrining Qoʻrgʻontegi mahallasidatugʻilgan. (hozirgi Shayxontohur tumani, Xadra maydoniga yetmasdan oʻng qoʻlda joylashgan)

Gʻafur Gʻulom tugʻilganda otasi Gʻulom Mirzo Orif oʻgʻli 35 yoshda, onasi Toshbibi Shoyusuf qizi 21 yoshda boʻlishgan. Shoirning otasi oʻz davrining yetuk savodxon kishilaridan biri boʻlib, fors-tojik tillarini yaxshi bilgan va ancha-muncha ruscha soʻzlasha olgan. Shaharda kishilargaarizalar turli maʼlumotnomalar yozib berib yurganligi sababli uninng ismiga “Mirzo” ismi ham qoʻyilgan. U adabiyotga nihoyatda qiziqib, uyiga mashhur shoir va hattotlar kelib turgan. Muqimiy, Furqat, Muhyi, Xislat, Toshxoʻja Asiriy kabi shoirlar ularning uyiga tez-tez tashrifbuyurishgan. GʻafurGʻulomning otasi, “Gʻulom” va “Mirzo” taxalluslari bilan talay sheʼrlar yozgan. Lekin bu sheʼrlar bir joyga toʻplanib, bosilib chiqmagan. Shoirning amakisi Mirzo Abdulla Mirzo Orif oʻgʻli (otasining kichik ukasi) ham sheʼrlar yozib turgan. Sheʼrlari 1913 yilda “Bayozi Mirzo” nomi bilan Toshkentda “Gʻulomiya” bosmaxonasida bosilgan.

U 9 yoshida otasidan, 12 yoshida onasidan yetim qolgan. Gʻafur Gʻulomning akasi Rixsi qori Muhamadjonov singillari Savriniso, Baxriniso, Rahbarnisolar boʻlishgan.

Gʻafur Gʻulom yoshligida oʻz mahallasidagi Hasanboy domlaning eski maktabiga borgan. Maktabda u Bedildan, “maslak”ka oʻtib, uni tugatgan. Gʻafur Gʻulom maʼlum muddat Toshkentdagi Tillashayx madrasasida oʻqigan. U eski maktabda va madrasada oʻqigan vaqtlaridaarab, fors-tojik tillarini mukammal oʻrgangan. Gʻafur Gʻulomni akasi 1916 yilda Oʻqchi mahallasidagi “8-a samsonskoye russko – tuzemskoye uchiliщye” ga olib boradi.Bu yerda urus tilini oʻrganganhamda Tolstoy, Pushkin, Lermontovlarning ijodi bilan ilk bora tanishgan.

Gʻafur Gʻulom oʻsmirlik yillarida qilmagan ishi tutinmagan xizmati qolmaydi. Oxiri bosmaxonaga harf teruvchi-naborshik boʻlib ishga kiradi. Bosmaxonada ishlab yurgan kezlari ustozi Abdurahmon Sohiboyevning maslahati bilan 8 oylik oʻqituvchilar tayyorlash kursiga oʻqishga kiradi.

U 1919 yil 3 martda Bodak mahallasidagi “Choʻlpon” nomli maktabga oʻqituvchi etib tayinlanadi. 1924 yilda “Hayot” maktabiga, keyinchalik, “Umid” muzika bilim yurtida faoliyatini davom ettiradi. 1926 yilda 3-boqimsiz bolalar uyiga mudir etib tayinlanadi. Ayni paytda 7 yillik “Urfon” maktabida mudirlik vazifasini ham bajaradi.

1923 yilda Gʻafur Gʻulom oʻzining ilk sheʼrini yozadi. Sheʼrining nomi “Feliks bolalari” deb ataladi. Bu sheʼr oʻsha davrdagi yetim bolalarga bagʻishlangandir. “Goʻzallik nimada” uning ikkinchi sheʼridir.

«Goʻzallik qizlarda,

u qora koʻzlarda,

soz kabi soʻzlarda»

deganlar yanglishar.

* * * * * *

Goʻzallik bir guldir,

muddati fasldir,

yashamoq asldir,

siz, biz bor, u yashar.

* * * * * *

Goʻzallik-ishlayish,

manglayni terlatish,

goʻzaldir ungan ish,

maqtansa yarashar!

1925 yilda “Qoʻrgʻontegi” va “Bu ham bir haqiqat” sheʼrlarini yozadi. 1929 yil may oyida “Yigit” sarlavhali birinchi hikoyasini yozadi. Shoirning Choʻlpon bilan mushoirasi 1934 yilda yozilgan.

Shoir oʻz tarjimai holida bu haqda shunday eslaydi: “1928 yil 15 sentyabrdan boshlab, «Kambagʻal dehqon” gazetasida sekretar boʻlib xizmatga kirdim…

Biror kun yoʻq ediki, “Qizil Oʻzbekiston”da, “Kambagʻal dehqon”da, “Mushtum”da yo boshqa jurnal, gazetada biror maqola, feletonim, ocherkim yo sheʼrim bosilmasa… Ijodim yana-yana yangi ilhom bilan avj olib borar edi». Gʻafur Gʻulom “Mushtum”, “Sharq haqiqati”, “Qizil Oʻzbekiston” gazeta va jurnallari redaksiyalarida ishlagan.

Gʻafur Gʻulom “Mushtum” jurnalida ishlab yurgan kezlarida koʻplab ocherklar va maqolalarni yozadi. Respublikada boʻlayotgan oʻzgarishlar, qurilishlar haqida “Qozoq dalasining bir juft haydar kokili”, “ Koʻzimiz oʻtkir”, “Oq joʻraning bolalari”, “Turksibni bizgina qurdik va qura olardik”, “Ulugʻ yoʻlchilar”, “Qirq uch yil burun va keyin”, “Shams ulhayot” kabi maqolalarni yozgan.

Gʻafur Gʻulom oʻz ish faoliyatini bosmaxonada harf teruvchilikdan boshlaydi. Uning bosma ishidagi ustozi keksa ishchi Abdurahmon Sohiboyev edi.

Gʻafur Gʻulom Sharqadabiyotining yetuk vakillari: Navoiy, Fuzuliy, Ganjaviy, Nizomiy, Lutfiy, Mashrab, Bedil, Muqimiy, Furqat, Avaz Oʻtar, Hamza, kabilarni oʻziga maʼnaviy ustoz deb bilgan, ulardan ilhom olgan va ular haqida ilmiy maqolalar yozib turgan. Gʻafur Gʻulom nafaqat shoir, nosir, publitsist sifatida mashhur boʻlib qolmasdan balki yetuk adabiyotshunos olim sifatida ham tanilgan. Uning Navoiy, Jomiy, Atoiy, Mashrab, Nodira, Muqimiy, Furqatlarning hayoti va ijodi haqidagi maqolalarni ham yozdi. Gʻafur Gʻulomning Alisher Navoiyga boʻlgan hurmati oʻzgacha boʻlgan. Unga atab “Sharq nazmi osmonining ikki porloq quyoshi”, “Navoiy va zamonamiz”, “Xoki Musallo”, “Taxti safar”, “Buyuk ustoz” kabi ilmiy maqolalarni, “Farhod va Shirin” dostonining nasriy bayoniniva “Alisher Navoiy qabri ustida”, “Tun bilan tong”, “Alisher” nomli sheʼrlarini yozadi. “Alisher” nomli sheʼrida quyidagi satrlarni oʻqish mumkin.

Ne-ne tarixlarni boshdan oʻtkazib,

Talay jafolarni tortgan eski Sharq

Ne-ne daholarni tarbiyat qilib,

Oftobday jahonni nurga qildi gʻarq.

Gʻafur Gʻulom 1943 yilda Oʻzbekiston FA tashkil etilganda birinchilardan boʻlib, akademik etib saylangan. 1940-yilda Gʻafur Gʻulom Afgʻonistonda Abdurahmon Jomiy qabrini ziyorat qilgan.

U 20-30 yillarda “Yodgor”, “Tirilgan murda”, “Shum bola”, “Netay” kabi qissani va “Qizaloq”, “Jomasi pok, oʻzi nopok bandalar”, “Afandi oʻlmaydigan boʻldi”, “Hasan Kayfiy”, “Eshonobod”, “Yigit”, “Boʻydoq”, “Joʻraboʻza” kabi hajviy hikoyalarni yozadi.

30-yillarda “Qoʻqon”, “Xitoydan lavhalar”, “Egalari egallaganda” poemalarini yozgan. “Koʻkan”, “Dinamo”, “Yangi sheʼrlar” kitoblari nashrdan chiqdi.

Gʻafur Gʻulom Jomiy, Bedil, Rudakiy, Lutfiy, Shayx Saʼdiy, V. Shekspir, Lope de Vega, Gogol, Mayakovskiy, Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Demyan Bedniy, Taras Shevchenko, Kirilov, Nozim Hikmat va boshqa jahon adabiyoti namayondalari ijodini yaxshi bilgan. Ularning ijodi haqida ilmiy tadqiqotlar olib borgan va ularning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Gʻafur Gʻulom Shekspirning “Otello”, “Qirol Lir” asarlarinioʻzbek tiliga tarjima qilgan.Nozim Xikmatning “Bir sevgi afsonasi” Shayx Saʼdiyning “Guliston” asarini fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Gʻafur Gʻulom2-jaxonurushiyillarida “Xalq otlandi”, “Men yahudiyman”, “Sen yetim emassan”, “Kuzatish”, “Sogʻinish”, “Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak”, “Gʻoliblar”, “Vaqt” kabi sheʼrlarini yozadi. Urushning dastlabki kunlarida “Men yahudiyman” sheʼrini yozadi.

Men yahudiyman!

Nomimni tilingga olma,

e olchoq!

Kimligimni eng katta

buvingdan soʻra.

Bukabi sheʼrlarida u vatanparvarlik, mehnatsevarlik vagʻalabaga ishonch kabi gʻoyalarni ilgari suradi. Gʻafur Gʻulom sheʼriyatining eng gultoji hisoblangan, insonparvarlik gʻoyalari tarannum etilgan “Sen yetim emassan” sheʼrini oʻqigan kishining koʻngli albatta larzaga kelmay iloji yoʻq.

Sen yetim emassan,

Tinchlan, jigarim,

Quyoshday mehribon

Vataning – onang,

Zaminday vazminu

Mehnatkash, mushfiq

Istagan narsangni tayyorlaguvchi

Xalq bor-otang bor.

Choʻchima jigarim,

Oʻzuyingdasan,

Bu yerda

Na gʻurbat,

na ofat,

na gʻam.

Bunda bor: harorat, muhabbat, shavqat

Va mehnat nonini koʻramiz baham.

Sen yetim emassan,

Uxla, jigarim.

Gʻafur Gʻulom 1942 yilda oʻzbek delegatsiyasi tarkibida gʻarbiy frontga boradi. Gʻafur Gʻulomning jiyani Hamidulla Husanov urushdan qaytib kelgach, shoirga soat sovgʻa qiladi. Shoir shu soatga qarab “Vaqt” sheʼrini yaratadi. “Vaqt” sheʼrida quyidagisatrlarni oʻqish mumkin.:

Aziz asrimizning aziz onlari,

Aziz odamlardan soʻraydi qadrin,

Fursat gʻanimatdir shoh satrlar-la,

Bezamoq chogʻidir umr daftarin….

Gʻafur Gʻulom nomi mashhur boʻlishida uning nasriy asarlari alohida oʻrin tutadi. Hususan, uning “Shum bola” qissasi jahon xalqlarining adabiy xazinasidan oʻrin olgan.

Maʼlumki, Gʻafur Gʻulom “Shum bola” qissasini XX asrning 30-yillarida yoza boshlagan. Asar dastlab “Dovdirash” deb nomlanib shu nomda 1936 yilda nashr etilgan. “Shum bola” qissasi koʻpgina tillarga yaʼni rus, tojik, qozoq, arab, urdu, latish, venger, rumin, grek va boshqa horijiy tillarga tarjimaqilingan.

Gʻafur Gʻulomning bolalarga bagʻishlangan “Siz mening yoshligimsiz”, “Turgʻun va oʻrdak”, “Tongotar qoʻshigʻi”, “Bir gʻuncha ochilguncha” sheʼriy toʻplamlari mavjud.

Gʻafur Gʻulomning asarlari rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman, ozarbayjon, arman, gruzin, arab, urdu, xitoy, yapon tillarida tarjima qilinib nashr qilingan.

1963 yilda Gʻafur Gʻulomning 60 yillik yubileyi katta tantanalar bilan nishonlangan. Gʻafur Gʻulomning 60-yillik yubileyi munosabati bilan unga “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni beriladi.

Gʻafur Gʻulom 1966 yil 10 iyul kuni vafot etadi.

1999 yilda Gʻafur Gʻulomga “Buyuk xizmatlari uchun ordeni” berilgan.